Mamlakatimizda keyingi ikki yilda yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarlik oldingi yillarga nisbatan kamaygan boʻlishiga qaramay aynan tartibsizlik, taqiqlangan psixotrop moddalarning yoshlar oʻrtasida noqonuniy tarqatilishi hamda taʼlim muassasalari oʻquvchilarining oʻtkir tigʻli sovuq qurollardan foydalanishi kabi salbiy illatlarning koʻpayib borishi keng jamoatchilik vakillarini tashvishga solib qoʻymoqda.

Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish ayniqsa, ular orasida turli psixotrop moddalarning noqonuniy tarqatilishi hamda oʻtkir tigʻli sovuq qurollardan noqonuniy foydalanish holatlarini kamaytirish, shuningdek mazkur turdagi salbiy illatlardan, uning oqibatlarida keng jamoatchilik fikrini hamda yoshlar munosabatini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da “Lirika va tramadol kabi psixotrop moddalarning yoshlar oʻrtasida noqonuniy aylanishi: jamoatchilik va yoshlar fikri” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi ijtimoiy-huquqiy masalalar va huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlim mudiri – Akmal Alimov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi boʻlim boshligʻi, Davlat komissiyasi masʼul kotibi – Shuhratjon Gʻulomov, Oʻzbekiston musulmonlar idorasi raisi oʻrinbosari Abdulaziz Mansurov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori – Elbek Rahmonov, Narkotiklarni nazorat qilish qoʻmita raisi oʻrinbosari – Shodiya Timurova hamda yoshlar ishtirok etdi.

Bugungi kunda tramadol, lirika deb ataladigan turli xil inson hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi moddalardan iborat dori vositalari koʻp tarqalmoqda. Bu holatni oldini olish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi” gi qonun qabul qilindi. Arzimasdek koʻringan dori vositalari yoshlarimizni yoʻldan adashtiradigan, qolaversa, ularni sogʻlom hayot tarzidan uzoqlashtiradigan vosita sifatida qaralmoqda. Bu dorilar dastlab davolovchi dori vositasi sifatida xizmat qilgan. Yoshlar ulardan bosh ogʻrigʻini qoldirishda va kayfiyatni koʻtarishda foydalanishgan. Unga salomatlik baxsh etuvchi davo sifatida qarashgan. Bu kabi dori vositalarida giyohvand moddalarida boʻlgani kabi oʻziga oʻrgatib qoʻyish xususiyati bor va u insonni oʻziga tobe etib qoʻyadi. Bu esa hayotimizda giyohvandlikning yangicha koʻrinishini paydo qiladi. Aldov yoʻllari bilan oʻquvchi yoshlarimiz ham bu dorilarni qabul qilgan holatlari kuzatildi. Ayrim yoshlar balogʻat yoshidagi oʻzgarishlar va dipressiya holatlarini yengish uchun psixotrop moddalarni xarid qilishmoqda. Baʼzilar bu dorini qabul qilish orqali imtihonlarga yaxshi tayyorgarlik koʻrish, asablarni tinchlantirish, diqqatni jamlash va ruhiy yengillikni sezish mumkin degan safsatalarga ishonib kuniga 40 donagacha qabul qilish orqali sogʻligida xavfli muammolarni keltirib chiqarmoqda, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi boʻlim boshligʻi, Davlat komissiyasi masʼul kotibi Shuhratjon Gʻulomov. — Bu dorilarning yoshlar oʻrtasida tarqalishiga “tadbirkor” larning oson yoʻl bilan moʻmay daromad topish ilinji, yoshlarning qiziquvchanligi va bir zumlik vaqtichogʻlik uchun nafs balosiga qullik asosiy sabab boʻlmoqda.

Muloqotda yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarni oldini olish, voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish masalalarida keng jamoatchilik tomonidan bir qator amaliy chora-tadbirlar koʻrilayotgaligi taʼkidlandi. Keltirilgan maʼlumotlarga koʻra bir yil mobaynida yoshlar manfaatlari, ularning huquqlari bilan bogʻliq jami 25 ta Qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilinganligi va yoshlar masalalari bilan bogʻliq 70 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilgan. Spikerlar mazkur sohani tartibga solishga qaratilgan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar va ularning ijrosi xususida oʻz fik-mulohazalarini bildirdi.

— Psixotrop moddalar aslida oʻta ogʻir vaziyatlarda, jumladan onkologik kasalliklarda oʻta kuchli ogʻriqni qoldirishda qoʻllash uchun ishlab chiqarilgan. Afsuski, ayrim yoshlar bu dori vositalariga qiziqish, uning xususiyatlarini oʻzida sinab koʻrish orqali ogʻu asiriga aylanib qolishmoqda. Lirika va tramadol kabi psixotrop moddalarning yoshlar oʻrtasida noqonuniy aylanishini oldini olish boʻyicha 1 hafta oldin alohida Qonun loyihasi va Vazirlar Mahkamasining qarori ishlab chiqildi, – deydi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori Elbek Rahmonov. — Bugungi kundagi qabul qilinayotgan qonun va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuqoridagi salbiy oqibatlarning kelib chiqishini oldini oladi. Endilikda bu turdagi dori vositalarini faqat dorixonalardan retsept asosida sotishga ruhsat etiladi. Psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan shugʻullanganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mazkur salbiy holatlarni oldini olish maqsadida birinchi navbatda bu faoliyat bilan shugʻullanadigan toifa vakillariga maʼmuriy jazoni kuchaytirish, takroran sodir etilgan taqdirda esa, qonunchilikka jinoiy javobgarlikka tortish bilan bogʻliq normalarni kiritishni taklif etgan.

Keng jamoatchilik vakillari, mutasaddi idora vakillari hamda ota-onalar va yoshlarimizni salbiy illatlarning ayanchli oqibatlaridan ogoh etishga qaratilgan mazkur targʻibot tadbiri psixotrop moddalarning yoshlar oʻrtasida noqonuniy aylanishiga qarshi samarali kurashish tizimini yoʻlga qoʻyishga xizmat qilmoqda.

Leave comment

Your email address will not be published. Required fields are marked with *.