Oliy taʼlim tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashidagi “Yoshlar press klubi”da Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Kengashi, Respublika Maʼnaviyat maʼrifat markazi vakillari hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti professor-oʻqituvchilari ishtirokida oliy oʻquv yurtlarida maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va sport-sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Milliy universiteti misolida sessiya tashkil etildi. Unda Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi boshligʻi – Avaz Mamadjonov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari – Muhammadjon Quronov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Maʼnaviy axloqiy tarbiya boshqarmasi boshligʻi –Otabek Bozorov va Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish faoliyatini muvofiqlashtirish Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Dilshoda Mirzajonovalar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-iyuldagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi qarorida dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va gʻoyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur yoritish, terrorizm, din niqobidagi ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali gʻoyaviy kurash olib borish vazifalari belgilangan. Ana shu vazifalar ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamkorligida mamlakatimizdagi barcha oliy oʻquv yurtlarida maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi muammolarni oʻrganish va tahlil qilish maqsadida ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazilgan. Soʻrovnoma natijalari tahlil qilingan holda har bir oliy taʼlim muassasasidagi professor-oʻqituvchilar va talabalar oʻrtasidagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit, ularning islohotlardan xabardorligi va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yanada takomillashtirish boʻyicha bildirilgan takliflar asosida oliy taʼlim tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi.

Oliy oʻquv yurtlarida maʼnaviy-maʼrifiy madaniy va sport-sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston milliy universiteti misolida oʻtkazilgan namunali loyihalar hamda Toshkent kimyo texnologiyalari institutida oʻtkazilgan ijtimoiy-sotsiologik soʻrovnomalar natijasi boʻyicha tajribalarni mamlakatimizdagi barcha oliy taʼlim muassasalarida tatbiq etish lozim, — deydi Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi boshligʻi Avaz Mamadjonov.

Tashkil etilgan ochiq muloqotda oliy oʻquv yurtlarida maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va sport-sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli amalga oshirish, talabalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish va maroqli hordiq chiqarishlarini samarali tashkil etish, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilashning dolzarb masalalari xususida soʻz yuritildi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Maʼnaviy axloqiy tarbiya boshqarmasi boshligʻi Otabek Bozorov baxt nimaligini toʻliq anglamagan yoshlar oʻz tasavvuridagi baxtga erishmaguncha oʻzini baxtiyor sanamasligi,ulardagi mavjud muammolarning hal etilishida avvalo, uning mazmun-mohiyati bilan yaqinroq tanishish, yoshlarni tinglash, ular bilan fikrlashish muhimligini taʼkidladi.

Oliy taʼlim muassasalari, maktab va mahalla fuqarolar yigʻida maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va sport-sogʻlomlashtirish ishlarining natijadorligini taʼminlash va ular oʻrtasidagi hamkorlik masalalari keng muhokama etildi. Taʼlim muassasalaridagi yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini shakllantirishga qaratilgan badiiy va hujjatli filmlar namoyishlarini muntazam tashkil etish borasidagi takliflar oʻrtaga tashlandi.

Sessiya davomida qatnashgan Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalari yoshlar masalalari boʻyicha prorektorlar va maʼnaviyat boʻlimlarining ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash va talaba-yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sport toʻgaraklari hamda seksiyalarini kuchaytirish, oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, yangicha metodik usullarni ishlab chiqish boʻyicha fikr almashildi. Yoʻnalish boʻyicha faoliyat samaradorligini yanada oshirishga doir qator muhim vazifalar belgilab olindi. Muloqot yakunida oliy taʼlim muassasalarining hamkor tashkilotlar bilan tizimli ishlarni yanada jonlantirish masalalari muhokama qilindi.

Leave comment

Your email address will not be published. Required fields are marked with *.